22 fevral kuni Toshkent viloyati, Qibray tumanida joylashgan elektr stansiyasida yong‘in sodir bo‘lganligi sababli suv uzatish qurilmalari (nasos) ishi to‘xtagan, deya xabar qildi Toshkent hokimiyati matbuot xizmati.

Shu bois, hozirda Toshkent shahrining tumanlarida suv bosimining pasayishi va ayrim tumanlarda uzilishlar sodir bo‘lishi mumkin.

Sovuq suvning vaqti-vaqti bilan yoki doimiy uzilayotgani, bosimining pasaygani to‘g‘risida juma kuni ertalabdan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Toshkentning turli hududlari, jumladan Yunusobod, Darxon, Oloy bozori, «Kosmonavtlar» va «Oybek» metro stansiyalari yaqinidagi uylarda istiqomat qiluvchi aholi xabar qildi.

Ayni vaqtda yong‘in bartaraf etilgan. Ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Poytaxt ma’muriyati noqulaylik uchun uzr so‘radi.

«Gazeta.uz"ning Toshkent hokimiyati matbuot xizmatidan aniqlik kiritishicha, shaharga suv yetkazib beruvchi nasoslarni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi Qodiriy GESga qarashli podstansiyada yong‘in sodir bo‘lgan. Suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar poytaxtning qariyb barcha tumanlarida kuzatilgan, biroq uzilishlar turlicha ko‘rinishda — bir yerda suv to‘liq o‘chgan bo‘lsa, ba’zi hududlarda uning bosimi pasaygan.

Yong‘inda elektrostansiyaning ikki nafar ishchisi jarohatlandi, deya xabar qildi O‘zbekiston IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi «Gazeta.uz"ga. Ular nosozlikni bartaraf etish uchun chiroq yoqilmagan podstansiyaning ichki qismiga kirishgan. Ishlarni yakuniga yetkazgandan keyin chiroqni yoqishgan, shunda ularni tok urib, otib yuborgan. Shundan yong‘in boshlangan. Ishchilar shifoxonaga yotqizilgan.

Markaziy dispecherlik boshqarmasiga yong‘in haqidagi xabar 8:16 da kelib tushgan. Alanga tarqalishi 8:46 da bartaraf etilib, 9:08 da to‘liq o‘chirilgan. Podstansiyaning ichki qismi, kabellar va elektr uskunalarga zarar yetgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ta’mir ishlari kun oxirida yoki ertaga ertalabga qadar yakuniga yetadi.

Foto: IIV Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi.