O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi anor eksportchilari uchun cheklovlar yo‘qligini ma’lum qildi.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi avvalroq 19 fevraldan o‘zbek anorini olib kirishga taqiq ko‘rinishidagi vaqtinchalik karantin fitosanitar chora joriy etilishi to‘g‘risida ma’lum qilgan edi. 22 va 31 oktyabrdan O‘zbekistondan olib kirilgan yuklarni (684 kg va 615 kg) tekshirishda, ikki holatda jo‘natilgan anorda Komstok qurti borligi aniqlangan.

Xalqaro fitosanitariya nazoratini amalga oshirish tajribasiga ko‘ra, ko‘rik jarayonida o‘simlik va o‘simlik mahsulotlarida karantindagi zararli organizmlar aniqlansa, zudlik bilan eksport qiluvchi davlatning karantin xizmatiga ma’lum qilinadi, deya qayd etdi O‘zdavkarantin.

«Ayni paytda nima sababdan Qozog‘iston karantin xizmati anordan Komstok qurti aniqlanganidan qariyb 120 kun o‘tib bu haqda ma’lum qilgani hamda ushbu mahsulot importiga vaqtincha taqiq qo‘ygani o‘rganilmoqda va muzokaralar olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning anor mahsuloti asosan Rossiya bozorlariga yetkaziladi (ko‘p hollarda Qozog‘iston O‘zbekiston anorlarini Rossiyaga reeksport qiladi).

«Mamlakatimiz esporterlariga hozirda anor mahsulotini Rossiya va boshqa mamlakatlarga Qozog‘iston orqali tranzit tarzida olib o‘tishlarida hech qanday to‘siqlar mavjud emasligini ma’lum qilamiz», — deyiladi inspeksiya xabarida.