O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni «Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida"gi Qarorni imzoladi, deya xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Iqtidorli bolalar uchun maktablar barcha viloyatlarda davlat ixtisoslashgan ta’lim muassasasi shaklida faoliyat olib boradi. 2019 yilda Toshkent, Nukus va Xivada dastlabki prezident maktablari qurilishi boshlanadi.

2020 yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, 2021 yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil — 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5−10-sinflarining har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qiladi.

O‘quv jarayoni xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM — ta’lim» (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiya, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9−11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 18 noyabrda O‘zbekiston prezidenti Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida, har bir viloyatda Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida e’lon qilgan edi.