O‘zbekistonda mavjud ko‘priklarning aniq soni va holatini aniqlash maqsadida ommaviy inventarizatsiya o‘tkaziladi. U mart o‘rtalarigacha davom etadi, deya xabar qildi Transport vazirligi qoshidagi Yo‘l inspeksiyasi sun’iy inshootlar holati ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Boybulatov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

O‘tgan yili respublikada bir necha ko‘prik, jumladan Xorazm viloyatida Urganch-Chalish avtoyo‘lidagi inshoot va Qoraqosh-Zahkash ko‘prigi, shuningdek Qoravulbozor-Buxoro yo‘lidagi ko‘prikning beshta yo‘lagidan biri qulab tushgan edi.

Xayrulla Boybulatovning so‘zlariga ko‘ra, Xorazm viloyatidagi ko‘priklar Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘z dalalariga xizmat ko‘rsatish uchun qurilgan. So‘ngra ko‘priklar umumiy foydalanishdagi yo‘l o‘tkazgichlar ro‘yxatiga kiritilgan.

«Bunday ko‘priklar nafaqat Xorazm viloyati, balki butun respublikada mavjud. Mavjud ko‘priklar 1970-yillar va undan avval qurilgan. Ushbu ko‘priklar resurslari tugab bitgan. Shuning uchun ko‘plab ko‘priklar zamonaviy avtomobillar og‘irligiga dosh bera olmasdan qulab tushmoqda. Agar ko‘priklardan eski yuklamalar bo‘yicha foydalanilsa, ehtimol buzilmas edi», — dedi u.

Davlat avtomobil yo‘llari ixtiyorida taxminan 7000 ta ko‘prik mavjud, biroq boshqa mahkamalar — Suv xo‘jaligi vazirligi, tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli ko‘priklarning aniq sonini hech kim ayta olmaydi, dedi Xayrulla Boybulatov.

«Qisqa muddatda ularni qoniqarli ahvolga keltirish imkoni yo‘q. Hozirda barcha tuman, shahar va viloyatlarda qo‘mita mutaxassislari, obodonlashtirish boshqarmalari va Suv xo‘jaligi vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruhlari tashkil etilgan. Birinchi bosqichda ko‘priklar soni va holatini aniqlash uchun inventarizatsiya o‘tkaziladi, avariya holatidagi ko‘priklar oldiga aylanib o‘tish, o‘tishni taqiqlash, tezlik rejimini cheklash, vazn, hajm belgilari o‘rnatiladi», — dedi u.

Tekshiruvlar nihoyasiga yetganidan so‘ng ko‘priklar diagnostikasi o‘tkazilib, ular yakuni bo‘yicha qaysi ko‘priklarni ta’mirlash, qaysilarini qaytadan qurish kerakligi ma’lum bo‘ladi, deya ma’lum qildi Yo‘l inspeksiyasi vakili.