Toshkentda 11−17 mart kunlari ekologiya, shaxsiy mas’uliyat va chiqindilar bilan muomala qilish madaniyatiga bag‘ishlangan Hashar Week aksiyasi o‘tkaziladi. Loyiha O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Toshkent hokimiyati hamda «Maxsustrans» korxonasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

Aksiya doirasida poytaxtdagi 21 ta maxsus chiqindi yig‘ish shoxobchasida faqat saralangan maishiy chiqindilar qabul qilinadi. Tashkilotchilar shu yo‘l bilan odamlarda chiqindilarni saralash ko‘nikmasini hosil qilishni mo‘ljallamoqda.

Shaharliklarga o‘yin shaklida chiqindilarni saralash va surunkali chiqindixonalarni aniqlashga imkon beruvchi mobil ilova ishlab chiqilmoqda. Ilovada jismoniy va yuridik shaxslar, maktablar va oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatdan o‘tishi mumkin bo‘ladi. Foydalanuvchilar o‘z hisobini yuritadi, hafta oxirida esa har bir toifa bo‘yicha g‘oliblar taqdirlanadi.

Shuningdek, aksiya doirasida Davlat ekologiya qo‘mitasi jamoatchilik uchun to‘rtta ma’ruza, maktablarda ochiq darslar va Fotosuratchilar uyida ko‘rgazma tashkil etadi.

Loyihaga tadbirkorlarni ham jalb qilish rejalashtirilgan. «O‘zbekistonda yashil iqtisodiyot: tasavvur va haqiqat» mavzusida anjuman o‘tkazilib, unda tadbirkorlarga eko turizmni rivojlantirish to‘g‘risida hikoya qilinadi, ekologik startap-loyihalar ko‘rib chiqiladi.

«Dunyoda ekologiya dolzarb mavzuga aylangan. Biroq bizning loyihamiz — xorijdan olingan g‘oya emas. Bizning madaniyatimizda ham ekologik hayot tarzi bor», — deydi Hashar Week loyihasi muallifi, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ma’ruzachisi, ekologik qadoqlar ishlab chiqarish bo‘yicha The K’orôbe London kompaniyasi boshqaruv direktori va xalqaro siyosiy maslahatchi Suna Park.

«Biz tozalab turiladigan emas, balki ifloslantirilmaydigan joylar toza degan g‘oyani targ‘ib qilishni istaymiz. Shuning uchun har bir inson o‘z zimmasiga mas’uliyat olishi kerak, uni davlat organlariga yuklashi emas», — dedi u.

Suna Park shahar atroflarida atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqilishi va maishiy chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarining buzilishi uchun jarimalar joriy etilishiga umid bildirdi.