Toshkent ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi shahar hokimligi bilan hamkorlikda poytaxtda «Yashil belbog‘» loyihasini amalga oshirishni boshladi. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 19 fevral kuni shu haqdagi hujjatni imzoladi, deya xabar qildi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Loyiha Toshkent halqa avtomobil yo‘li atrofida bosqichma-bosqich, xususan birinchi bosqich 20 fevraldan 20 aprelga qadar, ikkinchi bosqichda 20 oktyabrdan 20 dekabrga qadar amalga oshiriladi. Unda shahar iqlimiga mos, suvsizlikka chidamli, tez o‘sadigan yaproq va igna bargli 4300 tup daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha doirasida Obodonlashtirish bosh boshqarmasi va obodonlashtirish boshqarmalari mutaxassislaridan iborat guruhlar shakllantiriladi, shuningdek, joylarda tuman hokimliklari, korxona va tashkilotlar tomonidan belgilangan maydonlarda manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlarini to‘liq ekilishi va ularni o‘zlari tomonidan barcha agrotexnika talablari asosida parvarish qilinishi ta’minlanadi.

Hokim qarorida poytaxtdagi mahalla va ta’lim muassasalari hududiga ham mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilning iyulida Toshkent ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Yunusov shaharni changlardan himoya qilish va ekologik vaziyatni sog‘lomlashtirish uchun poytaxt atrofini «Yashil belbog‘» bilan o‘rab chiqish rejasi haqida ma’lum qilgan edi.