14 fevral kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Milliy immunizatsiya taqvimiga muvofiq, yangi vaksina joriy etilishini e’lon qildi. U bachadon bo‘yni saratoni sababchisi hisoblangan inson papilloma virusiga qarshi vaksina hisoblanadi, deya xabar qildi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 9−14 yoshdagi 400 mingga yaqin qizni inson papilloma virusiga qarshi emlash orqali kasallikka chalinish va u bilan bog‘liq o‘lim holatlarini bartaraf etishni rejalashtirmoqda.

SSV Sanitariya-epidemiologiya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilorom Tursunovaning ma’lum qilishicha, vaksinatsiya jarayoni oktyabrda boshlanib, maktablar va tibbiyot muassasalarida o‘tkaziladi.

Hududlarda Vaksinalar va immunizatsiya global alyansi yordamida muzlatkichli omborxona binolari barpo etilmoqda. Ushbu omborxonalarga yilning birinchi yarmidan vaksinalar yetkaziladi va saqlanadi.

Milliy statistikaga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratoni O‘zbekistonda barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratonidan keyingi eng keng tarqalgan o‘sma xastaligi hisoblanadi. U fertil yoshdagi (14−55 yosh) ayollar o‘rtasida o‘limga olib keluvchi ikkinchi asosiy sabab sanaladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2006 yilda foydalanish vaksinadan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. 100 dan ziyod mamlakat uni qo‘llash bo‘yicha ruxsatnomaga ega, 74 davlat uni milliy emlash taqvimiga kiritgan, vaksina 10 yildan ziyod muddatlik ta’sir kuchiga ega.

«Ko‘pchilikni vaksina reproduktiv yoshdagi qizlar salomatligiga ta’sir ko‘rsatmaydimi, degan savol o‘ylantiradi. O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, vaksina nafaqat organizmni bachadon bo‘yni saratonidan himoya qiladi, balki qizlar salomatligini mustahkamlaydi ham», — dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi milliy xodimi Kamola Safoyeva.