20 fevral kuni O‘zbekiston mudofaa vazirligida general-mayor Bahodir Qurbonov va Amerika Qo‘shma Shtatlari Qurolli Kuchlari Markaziy qo‘mondonlik qo‘mondoni general Jozef Votel muzokaralar o‘tkazdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi.

Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, harbiy ta’lim va mudofaa sohalarida istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi. Suhbatda mamlakatlar o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur’atlari ortib borayotgani ta’kidlandi.

AQSH tomoni harbiy va harbiy-texnika sohasida, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasidagi dolzarb masalalariga va O‘zbekiston-Amerika mudofaa idoralari o‘rtasidagi kelishuvlarga O‘zbekiston alohida e’tibor qaratayotganini e’tirof etdi.

General Jozef Votel general-mayor Bahodir Qurbonovni mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangani bilan chin yurakdan tabrikladi. Suhbatda u, mazkur tashrif Toshkentga to‘rtinchisi bo‘lganini aytib o‘tdi. Shuningdek, general Votel o‘tgan tashrifidan qolgan taassurotlaridan eng yorqini — Samarqand shahriga sayohati va tarixiy obidalar bilan tanishuvi ekanini mamnuniyat bilan bildirdi.

Uchrashuv davomida Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash, xalqaro terrorizmga barham berish hamda mintaqada tinchlikni barqaror ushlab turish bo‘yicha fikrlar almashildi.

21 fevral kuni Toshkentda ilk bor Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtab boshliqlarining navbatdagi anjumani bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston qurolli kuchlari bosh shtabi boshliqlari, Qirg‘iziston Respublikasi qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, AQSH Qurolli Kuchlari SENTKOM qo‘mondoni ishtirok etadi.