Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident Farmoni qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi rasmiy Telegram-kanalida.

Davlat mulki ob’ektlarini sotishni soddalashtirish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish muddati 2020-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.

Majburiy ijro byurosi qoshidagi “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil qilish markazi” Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkazildi.

1-iyuldan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini ijaraga berish savdolari “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladi.

“E-IJRO AUKSION"da 1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha qo‘yilgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari ular to‘liq sotilmagunga qadar savdolardan olinmaydi.

Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi tuzildi.

1-martdan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari va davlat ulushlarini sotib olish to‘lovlarini to‘lashning quyidagicha muddatlari joriy etildi:

  • EKIHning 3000 baravarigacha — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 3000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 7000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 7000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 15 ming baravaridan ko‘p bo‘lmaganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 15 ming baravaridan yuqori, lekin EKIHning 20 ming baravaridan ko‘p bo‘lmaganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda;
  • EKIHning 20 000 baravaridan yuqori bo‘lganda — oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda.

Xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari to‘lov muddatlarini uzaytirish va chegirmalar taqdim etish mexanizmlari qo‘llanilmagan holda sotiladi.

Davlat organlari qarorlari bo‘yicha sotilgan ob’ektlarning oldi-sotdi shartnomalari majburiy notarial tasdiqlanmaydi.

“Nol” qiymatda sotishda, shu jumladan, avval sotilgan davlat mulki ob’ektlari bo‘yicha investitsiya majburiyatlari bajarilgan deb qabul qilingan paytdan boshlab bir yil davomida yangi ish o‘rinlarini saqlab qolish tartibi bekor qilindi.