21 fevral kuni Toshkentdagi «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtab boshliqlarining navbatdagi anjumani bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Anjuman mintaqada xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, terrorizm, giyohvand moddalar savdosi hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlanadi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Pokiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston qurolli kuchlari bosh shtabi boshliqlari, Qirg‘iziston Respublikasi qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, AQSH Qurolli Kuchlari SENTKOM qo‘mondoni ishtirok etadi.

Anjumanda O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Baxodir Kurbanov ham qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Anjuman doirasida delegatsiya rahbarlari alohida ikki tomonlama uchrashuvlarni o‘tkazishi, shuningdek, delegatsiya a’zolarining O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasidagi o‘quv jarayonini kuzatishlari, Hasti Imom majmuasi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi bilan tanishishi ham rejalashtirilgan.