Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudining ochiq sud majlisida Bektemir Ixtiyorovning jinoiy ishi ko‘rib chiqildi. Tuman keng jamoatchilik vakillari ishtirokidagi sayyor sud majlisida mazkur jinoyat ishiga doir dalillar o‘rganilib, guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bektemir kechki paytga uyga qaytayotganda mashinani nisbatan tez haydadi. Uzoqda svetoforning yashil chirog‘i yonganini ko‘rib, gaz tepkisini bosib, tezlikni oshirdi. Qarama-qarshi yo‘nalishdagi mashinalar chirog‘idan ko‘zi qamashgan haydovchi deyarli hech narsani ko‘rmadi. Shu payt mashina nimagadir qattiq urilib, old oynasi chilparchin bo‘ldi.

Ikki piyodani urib yuborgani ma’lum bo‘lgach, ularga yordam berish borasida ikkilandi va voqea joyidan qochib ketdi. Mashinani ovloq dalada qoldirib, uyiga qaytdi. Ertasi kuni bo‘lgan voqeani avval uyidagilarga, keyin ichki ishlar xodimlariga aytdi…

Sud majlisida B.Ixtiyorovning qilmishi qattiq qoralandi. Marhum X.Yo‘ldoshev o‘sha mash’um avariyadan olgan tan jarohatlari oqibatida oradan 8 kun o‘tib, tuman tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limida hayotdan ko‘z yumdi. U endigina 22 yoshni qarshi olgan edi. 3 nafar biri-biridan shirin jajji farzandlari otasiz qoldi.

Yo‘l transport hodisasining yana bir qurboni G‘.Ziyamutdinov esa voqea joyida halok bo‘ldi. Voholanki, ularga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilganida hayoti saqlab qolinardi, ehtimol.

Sud B.Ixtiyorovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topdi. Unga nisbatan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.