Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Boks federatsiyasi tomonidan Uzbek Tigers yarim professional jamoasining tarqatib yuborilgani va moliyalashtirishni to‘xtatgani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Uzbek Tigers Butunjahon boks seriyasining (WSB) yangi mavsumida ham bahslarda ishtirok etadi, deya ma’lum qildi Umid Ahmadjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoaning uy uchrashuvlari kelasi oyda foydalanishga topshiriladigan «Humo» ko‘p tarmoqli arenasi, shuningdek, «Milliy» stadionida o‘tkaziladi.

«Milliy olimpiya qo‘mitasi «O‘zbek yo‘lbarslari"ning samarali faoliyat olib borishi uchun mamlakat boks federatsiyasiga kerakli yordamni ko‘rsatishga va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Jamoaga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi», — dedi Ahmadjonov.

MOQ rahbari WSB yangi mavsumidagi o‘zgarishlar haqida ham ma’lum qildi. Xalqaro boks assotsiatsiyasi (AIBA) bu yildan boshlab WSB turniri formatiga o‘zgartirish kiritishni maqsad qilgan. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida erkaklar o‘rtasidagi bahslarda vazn toifalari soni 10 tadan 8 taga tushirildi va shuning hisobiga ayollar vazn toifasi 5 taga oshirildi.

Butunjahon boks seriyasida ham vazn toifalari 8 taga tushirilib, ikkita ligaga ajratilmoqda. Ya’ni yengil (52, 57, 63, 69 kg) hamda og‘ir (75, 81, 91, 91+ kg) vaznlar. Musobaqada ishtirok etuvchi mamlakat har ikkila ligaga ham o‘z jamoasini qo‘yishi mumkin.

«Bu safargi musobaqa Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga litsenziya berishi bois, AIBA jamoaviy bellashuvlarni 2019 yilning oktyabridan boshlab, 2020 yilning fevraliga qadar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. 2020 yilning 29 may — 6 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan musobaqada esa WSB litsenzion turniri va yakka tartibdagi finallar bo‘lib o‘tishi kerak. Mazkur musobaqa orqali Olimpiadada ishtirok etuvchi so‘nggi 16 yo‘llanma egasi aniqlanadi. Shunday ekan, AIBA bu musobaqani to‘xtatish emas, aksincha uni yanada rivojlantirish choralari haqida o‘ylayapti», — dedi MOQ prezidenti.

Joriy yilda O‘zbekiston bokschilari ikkita yirik va nufuzli musobaqada ishtirok etadi. Aprel oyida Tailand poytaxti Bangkok shahrida kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tsa, Rossiyaning Yekaterinburg shahri sentyabr oyida jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Yekaterinburgdagi jahon chempionatida Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari uchun dastlabki litsenziyalar o‘ynaladi.

Hozirda terma jamoa a’zolari uzluksiz o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari orqali mazkur muhim musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Ba’zi sportchilarning professional boksga o‘tgani munosabati bilan O‘zbekiston termasi tarkibi kuchsizlangani yo‘q, deya ma’lum qildi Umid Ahmadjonov.

«O‘zbek boksida juda kuchli raqobat yuzaga kelgan. Har bir iqtidorli va kuchli bokschiga zaxira variantlari mavjud. Lekin shunga qaramay biz Osiyo chempionatining ba’zi vazn toifalariga professional boksda faoliyat olib borayotgan yurtdoshlarimizni ham jalb qilishimiz mumkin. Masalan -75 kg va +91 kg vazn toifalarida Isroil Madrimov va Bahodir Jalolovlarni Bangkokdagi musobaqada terma jamoamiz tarkibida ko‘rishingiz mumkin», — dedi MOQ rahbari.

Umid Ahmadjonovning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa tarkibida raqobatni yanada kuchaytirib, murabbiylar uchun litsenzion musobaqa sanalgan jahon chempionati oldidan professional ringda shug‘ullanayotgan bokschilarning jismoniy va funksional holati, ruhiy tayyorgarligini yana bir bor sinovdan o‘tkazib olish imkonini beradi.