Sirdaryo viloyatiga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrida viloyat va tumanlar hokimlari, faollar, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatining sanoat va xizmat ko‘rsatish salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani, qishloq tumanlarda sanoat deyarli yo‘q ekanini qayd etdi. Shu bois maxsus ishchi guruh yuborilib, 342 ta o‘rta va yirik investitsiya loyihalari dasturi ishlab chiqilganini ta’kidladi.

Xususan, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi va Farhod gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish, Sardoba suv omborida kichik gidroelektr stansiyasi qurish bo‘yicha jami 275 million dollarlik uchta loyihani amalga oshirish boshlanadi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Xitoy, Italiya va Qozog‘istondagi elchilari tomonidan o‘ttizga yaqin loyiha bo‘yicha aniq takliflar shakllantirilgan. Prezidentimiz viloyatga qo‘shimcha investitsiyalar olib kelish, tadbirkorlik tashabbuslarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi yerlari va tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yig‘ilishda ma’naviyat, madaniyat, ta’lim-tarbiya masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbari keyingi yillarda an’anaga aylangan xayrli ishlarni davom ettirgan holda, Guliston shahrida O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabini tashkil qilishni taklif etdi. Yig‘ilganlar bu tashabbusni qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.