O‘zbekiston o‘z iqtisodiyotini ochar ekan, tashqi shoklarga ko‘nikishi kerak, chunki hamkor mamlakatlardagi vaziyat har doim ham ijobiy bo‘lavermasligi mumkin, dedi Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov «Gazeta.uz"ga bergan intervyusida.

Avvalroq MB o‘z hisobotida O‘zbekistonning makroiqtisodiy holati uchun Rossiya va boshqa asosiy hamkor davlatlardagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashishini asosiy xavflardan biri sifatida keltirib o‘tgan edi. 12 fevral kuni AQSH qonunchilar guruhi Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar paketini joriy etish taklif qilingan qonun loyihasini taqdim etdi.

«Biz o‘z iqtisodiyotini yanada kengroq ochayotgan mamlakat sifatida tashqi shoklarga ko‘nikishimiz kerak, chunki hamkor mamlakatlarda har doim ham barchasi yaxshi bo‘lavermaydi. Har doim barchasi bizga bog‘liq bo‘lavermaydi. Biz eksportga yo‘naltirilgan mamlakatmiz. Eksport — iqtisodiyotimizning o‘sishini ta’minlovchi asosiy tarkibiy qismlardan biri, shuning uchun har qanday holatda ham savdo sheriklarimizdagi iqtisodiy vaziyat, albatta ta’sir ko‘rsatadi. Eksport hajmini oshirish uchun xaridor mamlakatlarda iqtisodiy vaziyat yaxshi bo‘lishi kerak. Bundan qochib bo‘lmaydi», — dedi Timur Ishmetov.

Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Rossiya anchadan buyon sanksiyalar bosimi ostida bo‘lsa ham O‘zbekiston iqtisodiy o‘sishda davom etganini ta’kidlab o‘tdi. «Gap faqat Rossiyada emas, boshqa mamlakatlar ham bor», — dedi u.

O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tegishli makroiqtisodiy siyosat olib borish va islohotlarga urg‘u qaratish lozim, deb hisoblaydi Markaziy bank mutasaddisi.

«Shuning uchun ham mamlakat iqtisodiyoti, eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish, investitsiyalar jalb qilish, ehtimoliy salbiy shoklar ta’sirini kamaytirish uchun islohotlar olib borilmoqda. Ushbu islohotlarning [mamlakat iqtisodiyotiga] ta’siri har qanday savdo sherigimizdagi iqtisodiy vaziyatdan kengroq, [uning o‘zgarishi] ham ijobiy, ham salbiy tomonga. Ushbu sanksiyalarni dastaklab olmaslik kerak, yaxshisi hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lsin», — dedi Timur Ishmetov.