2018 yilda Bosh prokuratura tomonidan Vazirlar Mahkamasi, Qurilish va Madaniyat vazirliklari hamda Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda Samarqand shahrining tarixiy markazida yangi qurilgan bino-inshootlar xatlovdan o‘tkazildi. Bu haqda «Zarafshon» gazetasi saytida xabar berildi.

O‘rganishlar natijasida 2015−2018 yillarda jami 159 ob’ekt — 75 ta turar joy, 84 ta noturar joy binolari shaharsozlik normalariga to‘liq rioya etilmasdan noqonuniy qurilganligi aniqlandi.

Jumladan, 34 ob’ektga yer ajratish yoki qurilishga ruxsat berishga oid tegishli hokim qarorlari chiqarilmagan, 73 ob’ektning loyihalariga ekspertiza, 102 ob’ektga shaharsozlik kengashi xulosalari olinmagan. Shuningdek, noqonuniy qurilgan ob’ektlarning aksariyati Madaniyat vazirligi va «ToshboshplanLITI» davlat unitar korxonasi bilan kelishilmagan holda qurilgan.

Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganish natijasida qurilish normalariga rioya qilmaganliklari uchun 132 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, Samarqand shahar hokimining 56 ta qaroriga protest keltirilgan, 1 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, noqonuniy qurilgan ob’ektlarni buzish haqida sudlarga 12 ta da’vo arizasi kiritilgan.

Shuningdek, mazkur 159 ob’ektning 18 tasi respublika miqyosida, 141 tasi viloyat miqyosida hal etilishi bo‘yicha xulosa tuzilgan.

Bugungi kunda mazkur ob’ektlarni buzish, qisman buzish, ayrimlarini Madaniyat vazirligi va «ToshboshplanLITI» davlat unitar korxonasi xulosalarini olgan holda fasadlari ko‘rinishini o‘zgartirish yuzasidan ishlar boshlandi.

Ochiq osmon ostidagi muzey, deya e’tirof etilayotgan Samarqandning tarixiy qiyofasini yaratish uchun Ko‘ksaroy maydonidagi 12 qavatli viloyat kengashlar uyinining balandligini pasaytirish ham taklif etilyapti.