Sirdaryo viloyatiga safar qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev Xovos tumaniga tashrif buyurib, Xovos shaharchasining bosh rejasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Mirzacho‘l tajribasi» asosida Xovos shaharchasining yangi markazi bunyod etilishi rejalashtirilgan. M-39 avtomobil yo‘li bo‘yidagi 42 gektar hududda kompleks qurilish ishlari loyihalashtirilgan. Unga muvofiq, bu yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari binolari, davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turar joylar, maktablar, istirohat bog‘i, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari quriladi. Yo‘l infratuzilmasi rivojlantirilib, aholi va transportlar uchun qulayliklar yaratiladi.

Xovosda oxirgi ellik yil davomida bironta ko‘p qavatli uy qurilmagan. Odamlar eski, tor, zax uylarda yashab kelgan. Endi har yili yangi ko‘p qavatli uylar barpo etilib, aholining ijtimoiy sharoitlari bosqichma-bosqich yaxshilanib boradi. Oilaviy sharoiti yaxshilangan insonning umidi, ertangi kunga ishonchi ham ezgu bo‘ladi.

Shu maqsadga xizmat qiladigan yana bir xayrli tashabbus: «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Sirdaryo viloyatida 32 ta tikuvchilik majmualari tashkil etish rejalashtirilgan. Bu sexlar asosan kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga mo‘ljallangan bo‘lib, jami 4 ming 200 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Prezident shu yerda xovoslik nuroniylar, mahalla faollari va yoshlar bilan suhbatlashdi.

Mamlakatda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, davlat bilan birga odamlar ham uyg‘onishi, farovon yashashga intilishi kerakligi ta’kidlandi. Xovosliklar viloyat rivoji, aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan yangi rejalardan xursand ekanini bildirdi.