Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev Mirzaobod tumanidagi «Bek klaster» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan tashkil etilgan paxtani qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda mehnat qilayotgan xodimlar bilan muloqot qildi, deyiladi O‘zA xabarida.

2018 yilda Turkiyaning «SUMER» kompaniyasi bilan hamkorlikda foydalanishga topshirilgan zavodda yiliga 60 ming tonna paxta qayta ishlanadi. Korxonada 200 ish o‘rni yaratilgan.

Prezident o‘tgan yili Sirdaryo viloyatiga tashrifi doirasida «Bek klaster» korxonasida bo‘lib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

«Bek klaster"ga prezident qarori asosida 18 ming gektar yer maydoni ajratib berilgan. 2018−2022 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish dasturi qabul qilingan bo‘lib, bu borada Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda rejalar tuzilgan.

«Bek klaster"ga tegishli korxonalarda mingga yaqin doimiy ish o‘rni yaratilgan. Bundan tashqari, 1 ming 800 nafar kishi mavsumiy ishlarga jalb qilinadi. Yangi zavod qo‘shma korxonaga qarashli yerlarda yetishtirilayotgan paxta xomashyosini chuqur qayta ishlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

— Qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashish doimiy e’tiborimizda bo‘lishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Busiz yuqori hosildorlikka erishishning iloji yo‘q. Shu jihatdan, «Bek klaster» korxonasi tomonidan ilmiy muassasalar bilan hamkorlikdagi ishlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shu yerda Sirdaryo viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Jumladan, parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, urug‘chilik va uzumchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, yer maydonlarini qayta o‘zlashtirish, «Har bir oila — tadbirkor» dasturiga oid aholining tomorqadan samarali foydalanishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar haqida ma’lumot berildi. Bu loyihalarning amalga oshirilishi tufayli yana minglab ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.