Yuk avtomashinasi haydovchilari tomonidan bojxona chegarasi orqali noqonuniy tarzda dizel yoqilg‘isini olib kirishga bo‘lgan urinishlar fosh etilmoqda. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

«Olot» chegara bojxona posti orqali xorijiy davlatdan O‘zbekistong kirib kelgan yuk avtomashinasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, ushbu avtomashina tirkamasining ostki qismida qo‘lbola usulda yashirib joylashtirilgan jami 2 million so‘mlik 414 litr dizel yoqilg‘isi borligi aniqlandi.

Yana bir holatda, boshqa bir yuk avtomashinasining haydovchisi tomonidan ham dizel yoqilg‘isini yashirincha, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmagan holda olib o‘tishga urinishi fosh etildi. Unda bojxona nazorati chog‘ida taxminiy qiymati salkam 4 million so‘mlik 794 litr dizel yoqilg‘isi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Shu kabi bojxona qoidabuzarliklari yana 4 ta holatda aniqlangan bo‘lib, ular orqali umumiy qiymati 10,1 million so‘mlik 2019 litr dizel yoqilg‘isining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.