Mirzo Ulugbek Business City loyihasi amalga oshiriladigan hududda joylashgan uylar aholi bilan kelishmasdan buzilmaydi, deya ma’lum qildi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev dushanba kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda. Tuman hokimi Shavkatbek Irgashev ham ishtirok etgan yig‘ilishga Mustaqillik va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bo‘yidagi uylarda istiqomat qiluvchi 600 nafarga yaqin aholi vakillari keldi.

11 fevral kuni yangi uy-joylar, biznes markazlari va boshqa ob’ektlarni qurishni ko‘zda tutgan shox ko‘chalarni keng miqyosda rekonstruksiya qilish bo‘yicha rejalar e’lon qilinganidan so‘ng ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholida turli xavotirlar paydo bo‘ldi. Jahongir Ortiqxo‘jayev yangi turar-joy majmualari loyihalarining amalga oshirilishi aholining o‘ziga bog‘liqligini qayd etar ekan, Toshkent infratuzilmalarining eskirganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bizning shahrimiz Singapur, Gongkong yoki Tailand kabi yangi emas. Ha, Toshkent haqiqatdan ham go‘zal shahar, biroq ichini — kanalizatsiya, irrigatsiya, quvurlarni — yangi deb bo‘lmaydi. 60−70 yillik shunday uylar borki, xizmat ko‘rsatib bo‘lmaydi. Mirzo Ulug‘bek tumanida ham ikki va uch qavatli uylardan iborat mahallalar bor. Shuning uchun infratuzilmalarni yangilash yoki [yangilarini] qurishimizga to‘g‘ri kelmoqda», — dedi shahar hokimi.

Shahar (o‘ngda) va tuman hokimi.

«Biz hozirda shaharning bir necha tumani konsepsiyasini taklif etmoqdamiz. Taklif etamiz. Ko‘rib chiqishga. Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Shayxontohur, Mirobod, Olmazor va boshqa tumanlar. Bir necha master-rejalar bor, loyiha amalga oshadimi yoki yo‘q — hali aniq emas. Investor bormi yoki yo‘q. Shu yerda yashayotgan odamlarga zarur sharoitlarni yaratib bera oladigan sarmoyadorlar bormi yoki yo‘q. Agar qandaydir firibgar kelib, bu yerda biror narsani buzishni xohlasa, biz bunday qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz», — dedi hokim.

Poytaxt ma’muriyati hokimiyat va investorlar vakillaridan iborat shtab tashkil etishni rejalashtirmoqda. Aholi shtab orqali loyiha haqida ma’lumot olishi va o‘z talablarini ilgari surishi mumkin.

«Agarda buzilish amalga oshadigan bo‘lsa, biz tumaningizga katta majmua joylashtirishni mzljal qilmoqdamiz. U yerda hokimiyat va investorlar vakillarining idoralari bo‘ladi, siz ular bilan yakkama-yakka uchrashib, ma’lumotlar olish imkoniga ega bo‘lasiz. Nima xohlaysiz, oynalaringiz qayerga qaraydi, qaysi qavatda, nechta bolangiz bor, qanday yashashni istardingiz, hovlingizda basseyn bo‘lishini xohlardingizmi. Xohishlaringizdan kelib chiqib, har biringiz bilan alohida kelishiladi. Ular master-rejalar ishlab chiqadi. Agar siz rozi bo‘lsangiz. Hech kim avvalgidek shunchaki buzib tashlamaydi», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Hokim mazkur bosqichda hali investor yo‘qligini ma’lum qildi. Agarda biror kompaniyada qiziqish paydo bo‘lsa, u aholi bilan kelishishi lozim.

Yig‘ilish so‘ngida Jahongir Ortiqxo‘jayev yig‘ilganlarga murojaat qildi: «Siz menga qanday yordam berganingizni bilmaysiz. Sizga katta rahmat. Uylaringizga ruxsatingizsiz hech kim teginmaydi». Bu so‘zlar aholi tomonidan qizg‘in olqishlandi.

Video

Video: Rustam Sharipov.