Toshkent hokimiyati rahbariyati shanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda Mirobod tumanidagi uylarning buzilishi borasidagi rejalarga izoh berdi.

«Gazeta.uz» «Lolazor» («Polkushka») mahallasi aholisi yangi turar-joy majmualarini qurish uchun ularning uylari buzilishga tushganidan xavotirda ekani haqida yozgan edi. Oradan uch kun o‘tib poytaxt hokimiyati matbuot xizmati buzish o‘g‘risida na tuman, na shahar hokimiyati qarori qabul qilinmaganini bildirdi.

Shunga qaramasdan, kadastr bo‘limiga kelgan aholi vakillari bunday qaror borligi va u 6 fevralda qabul qilingani haqida xabar berdi. «Gazeta.uz» muxbiri ma’muriyat vakillaridan mazkur holat yuzasidan izoh berilishini so‘radi.

Toshkent hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov «Lolazor» mahallasida uch qavatli emas, balki avariya holatidagi ikki qavatli uylarni buzish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«Bular nima uchun qilinayotganini tushunishingiz uchun — Toshkentda 1850 dan ortiq bir va ikki qavatli uylar mavjud. Uch qavatli uylar soni esa 3000 tadan oshadi. Bugun bu uylar [zilzilaga] bardoshli deb aytilmoqda, biroq har yili ularning arxitekturasi va qurilish qismi kuchsizlashib bormoqda. Ular 4 va 5 balli silkinishlarga dosh bera olmaydi. Bu uylar eskirdi», — dedi u.

Muxbir uylarning texnik holati to‘g‘risidagi ekspert komissiyasi xulosasi mavjudligi haqida so‘raganda, hokimning birinchi o‘rinbosari ularni taqdim etishga va’da berdi.

Davron Hidoyatov ikki qavatli uylar iqtisodiy nuqtai nazardan xizmat ko‘rsatishga yaroqsiz ekanini qo‘shimcha qildi. «Ikki qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish uchun kommunal xizmat stavkasi bir kvadrat metr uchun eng ko‘p 800 so‘mni tashkil etadi. Agar tomni almashtirish kerak bo‘lsa, xarajatlar 7500 so‘mgacha ko‘tariladi. Endi kommunal xizmat ko‘rsatish qimmat, endi foydasiz, hech qaysi uy-joy shirkatlari uyushmasi olishni istamaydi. Bugun kommunikatsiya muammolari bo‘lgan bunday sharoitda qanday yashash mumkin? sizga yaxshiroq va chiroyliroq uy qurishadi, hovli qismi, mavze barpo etiladi», — dedi u.

Mirobod tumani hokimi Shuhrat Po‘latov 6 fevraldagi qaror beshta ikki qavatli uyning buzilishiga taalluqli ekanini ma’lum qilib, ularning avariya holatida ekanini ta’kidladi.

«„Polkushka“ 2, 3, 4 va 5 qavatli uylardan tashkil topgan. 6 fevraldagi qaror — beshta ikki qavatli uyning buzilishi to‘g‘risida edi. Bu uylar XIX asr oxirida qurilgan. So‘ngra 1930−40-yillarda qurilishi yakuniga yetkazilgan. O‘zingiz borib ko‘rishingiz mumkin. U yerda noqonuniy qo‘shimcha qurilishlar bor. Avval bu uylarda sanuzel ko‘chada edi. Qo‘shimcha qurilishlar yordamida odamlar qulay sharoitlar yaratib olishgan. Qonunga murojaat qiladigan bo‘lsak, bu qurilishlarni buzishimiz kerak, u holda odamlar hojatini qayerda amalga oshiradi? Shu sababdan ham bu uylar bugungi kunda dolzarb emas deb hisoblanadi. Buzish to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishini to‘g‘ri deb o‘ylayman. Bu uylar zilziladan keyin shvellerlar bilan biriktirib mustahkamlab chiqilgan. 1966 yildan keyin qancha vaqt o‘tdi? Bu uylar bardosh bera oladimi? Bunday zilzilalardan keyin qancha odamni yo‘qotishimiz mumkin?» — deya savol berdi hokim.

Tuman ma’muriyati rahbari buzish masalasida birinchi navbatda aholi fikri hisobga olinishini ta’kidlab o‘tdi.

Uylar buzilishi rejalashtirilayotgan «Baynalmilal» mahallasida taxminan 5000 kishi yashaydi, 1400 dan ortiq uy bor, 5−10 kishi yozmoqda, deya davom ettirdi Shuhrat Po‘latov. «Ular go‘yoki uylarini buzib, o‘zlarini ko‘chaga quvib chiqargandek yozishmoqda. Kechirasiz, xuddi shu qarorda yozib qo‘yilgan — birinchi o‘rinda odamlar, mol-mulk egalari bilan kelishish. Nima uchun bu mavzu kattarib, salbiy tomonga yuz tutayotganiga hayronman».

Video