Hukumat qarori bilan «Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va ularni qayta tiklash tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizomga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan, ularni favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda shoshilinch ravishda jalb etish maqsadida yaratiladi.

Favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun quyidagi turdagi moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari yaratiladi:

idoraviy moddiy resurslar zaxiralari — 500 dan ortiq odamning hayot faoliyatini ta’minlash uchun;

mahalliy moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari — eng kam oylik ish haqining kamida 1,0 ming barobaridan ko‘pi bilan 5,0 ming barobarigacha bo‘lgan miqdorda mahalliy favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 dan kam bo‘lmagan va lekin 500 dan ortiq bo‘lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta’minlash uchun;

ob’ektning moddiy resurslar zaxiralari — lokal favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va 100 kishidan ortiq bo‘lmagan odamlarning hayot faoliyatini ta’minlash uchun.

Ob’ektlarning moddiy resurslar zaxiralari fuqaro muhofazasi bo‘yicha toifaga ega bo‘lgan hamda xavfli ishlab chiqarish ob’ektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarda majburiy tarzda, boshqa tashkilotlarda esa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar xavfi va manbalarini hisobga olgan holda ushbu tashkilotlarning rahbarlari ixtiyoriga ko‘ra yaratiladi.

Moddiy resurslar quyidagi holatlarda zaxiradan chiqariladi:

favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun;

harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflarni bartaraf etish uchun;

ularni yangilash yoki almashtirish munosabati bilan.