O‘zbekistonda joriy yilning mart oyi boshida qizlarning har tomonlama salohiyatini oshirish va ularni texnologiya sohasiga jalb etish maqsadida DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan ta’lim dasturi o‘tkaziladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berildi.

DigiGirlz — Microsoft kompaniyasining loyihasi bo‘lib, ta’lim, fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohasidagi investitsiya dasturi hisoblanadi. Mazkur dastur yosh qizlarga texnologiya sohasini hamda yangi innovatsiyalar bilan tanishish imkonini beradi. Shuningdek, dastur xodimlarni iqtisodiyotning global muammolariga tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

Ta’kidlash joizki, dastur O‘zbekistonda ilk marotaba 2018 yilda o‘tkazilgan edi. Joriy yilda ham Toshkentdagi Inha universiteti ishtirokchilarni 2-, 3- va 6-mart kunlari qabul qiladi. Dasturda Microsoft kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropadagi bosh menejeri Anke Den Oudenning ishtirok etishi va loyiha ishtirokchilari bilan o‘z tajribasi haqida o‘rtoqlashishi kutilmoqda.

Ta’lim dasturi ikki qismdan iborat. Birinchi qismda ishtirokchilar Microsoft kompaniyasi vakillari hamda mutaxassislarining texnologiya sohasida ayollar noan’anaviy tarzda erishgan yutuqlari borasidagi ma’ruzalarini tinglaydi. Ushbu ma’ruzalar qatnashchilarga bu sohadan nimalar kutishini va qanday ishlarni amalga oshirishligi mumkinligini tushunishga imkon beradi.

Dasturning ikkinchi qismi esa amaliy mashg‘ulotlardan iborat. Qatnashuvchilar texnik mashg‘ulotlarda ishtirok etib, Arduino to‘plamidan foydalanadigan qurilmalarni yaratadi.

Dastur 12−14 yoshdagi (kichik guruh) hamda15−17 yoshdagi (katta guruh) qizlarga mo‘ljallangan. Ushbu loyihaga qiziqishni bildiruvchilar joriy yilning 23-fevraligacha http://www.digigirlz.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Joylar soni cheklangan (60 kishi — kichik guruh va 40 kishi katta guruh uchun).

DigiGirlz High Tech Camp Uzbekistan dasturining tashkilotchilari Microsoft kompaniyasi hamda Toshkentdagi Inha universitetidir. Eslatib o‘tamiz, tadbir O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida o‘tkazilmoqda.