2019 yil 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Kun tartibidagi dastlabki masala — «Hukumat a’zolarining parlament oldidagi mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasining muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, prezidentning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasi hamda 2019 yil 28 yanvardagi Farmoniga muvofiq tayyorlangan ushbu loyiha bilan hukumat a’zolarini tayinlash va tasdiqlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. Xususan, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari nomzodi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin, bosh vazir taqdimiga binoan, prezident tomonidan tasdiqlanadi. Hukumat a’zosining nomzodi avvaliga Qonunchilik palatasidagi mas’ul qo‘mita, fraksiyalar tomonidan dastlabki tarzda, keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilib, ma’qullanadi. Nomzod majlisda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni hamda istiqboldagi vazifalarni nazar tutuvchi o‘z harakatlar rejasini taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi hukumat a’zosi nomzodini rad etgan taqdirda, bosh vazir ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun yangi nomzodni taqdim qiladi. Hukumat a’zosi prezident tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Shundan so‘ng deputatlar navbatdagi masala — «O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokamasiga kirishdilar.

Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis quyi palatasi deputatlarining qonun tashabbusi huquqi asosida kiritilgan ushbu loyiha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ma’lumki, bu yil mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon — parlamentga saylovlar yili bo‘ladi. Hozirda mamlakatimiz saylov qonunchiligi 5 ta qonun bilan tartibga solinadi. Bu esa, huquqni qo‘llashda bir qator murakkabliklar tug‘diradi. Bundan tashqari, saylov jarayoni va uni o‘tkazish tartib-tamoyillari va qoidalarining ko‘pchiligi qonun darajasida emas, balki Markaziy saylov komissiyasining nizom va yo‘riqnomalari bilan tartibga solinadi.

Shulardan kelib chiqib tayyorlangan Saylov kodeksi loyihasini yaratish jarayonida 20 dan ortiq xorijiy mamlakatning ushbu sohadagi amaliy tajribasi puxta o‘rganildi. Kodeks loyihasining jamoatchilik muhokamasini tashkil etish maqsadida 2018 yil 19 iyulda Oliy Majlis palatalari tomonidan Markaziy Saylov komissiyasi bilan birgalikda Amaliy harakatlar rejasi («Yo‘l xaritasi») tasdiqlandi. Unga muvofiq, loyiha jamoatchilik, ekspertlar, ilmiy doiralar, amaliyotchilar, mutaxassislar hamda xalqaro tashkilotlar ekspertizasidan o‘tkazildi. YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi, Venetsiya komissiyasi, MDH Ijroiya qo‘mitasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning xulosa va fikrlari olindi. 2018 yil 16−17 noyabr kunlari Buxoro shahrida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada olingan takliflar xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.

Deputatlarning fikricha, Saylov kodeksining qabul qilinishi huquqni qo‘llashda bir qator qulayliklar yaratadi, saylov jarayoni va uni o‘tkazish tartib-tamoyillari va qoidalarini to‘la qonuniylik, demokratik va shaffof o‘tkazishda muhim huquqiy asos vazifasini bajaradi.

Bahs-munozara, qizg‘in muhokamalardan so‘ng mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.