O‘zbekistonning «Saqil» ansambli kuni kecha Tehron shahrida 34-bor tashkillashtirilgan Fajr musiqa festivalida ishtirok etib, o‘zbek mumtoz va milliy cholg‘u kuylarini taqdim etdi. Bu haqda OXUS Culture jamiyati direktori Husniddin Ato «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Ansamblninig ijro dasturidan o‘zbek mumtoz musiqa merosidan Shashmaqom, Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llaridagi asarlar bilan bir qatorda mumtoz yo‘nalishdagi xalq kuylari, hamda bastakorlik asarlari ham o‘rin oldi.

Ansambl rahbari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurahmon Xoltojiyevning chang sozida, O‘zbekiston xalq artisti Abdulahad Abdurashidovning nay sozida, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist O‘tkir Qodirovning g‘ijjak sozida ijro qilgan asarlari muxlislarning alohida e’tirofga sazovar bo‘ldi.

«Saqil» ansambli 2018 yilda Shahrisabz shahrida ilk bora tashkillashtirilgan Xalqaro maqom san’ati forumining «Eng yaxshi maqom ansambli» nominatsiyasi sohibi bo‘lib, jamoaning Fajr festivalidagi ishtiroki OXUS Culture jamiyatining festival tashkilotchilari bilan hamkorligi asosida amalga oshirildi.