15−17 fevral kunlari Toshkent Markaziy Osiyo qilichbozlik konfederatsiyasining I ochiq chempionatiga mezbonlik qildi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Bellashuvlarda konfederatsiyaga a’zo Afg‘oniston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston mamlakatlaridan 150 nafardan ziyod o‘smirlar va kadetlar sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bordi.

Uch kun davom etgan bellashuvlarda 36 ta medal qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekistonlik sportchilar musobaqa davomida 11 ta oltin, 9 ta kumush va 16 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. 1 ta oltin medal esa Turkmanistonning ikkinchi o‘rindan joy olishi uchun yetarli bo‘ldi.

Qozog‘iston sportchilari 2 ta kumush va 7 ta bronzaga ega chiqdi. Qirg‘izistonlik yosh qilichbozlar esa musobaqada 1 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Afg‘onistonlik sportchilar esa musobaqani medalsiz yakunladi.