Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi AQSHning yirik brendlari tomonidan O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan boykotni bekor qilish uchun «yo‘l xaritasi» taqdim etadi. 4 fevral kuni Vashingtonda Cotton Campaign yillik majlisi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi bilan shu haqdagi kelishuvga erishildi, deyiladi koalitsiya xabarida.

O‘zbekiston delegatsiyasi majlisda birinchi marta ishtirok etdi. Uning tarkibidan bosh vazir o‘rinbosari anzila Norboyeva, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov va O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov o‘rin oldi.

«Yo‘l xaritasi"da tuzilmaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda fuqarolik jamiyati uchun sharoitlar yaratish bilan bir vaqtda O‘zbekistonda tizimli majburiy mehnatni bartaraf etish uchun zarur majburiyatlar va harakatlar belgilab beriladi.

«„Yo‘l xaritasi“ paxta sektorida majburiy mehnatni batamom tugatish uchun O‘zbekiston hukumati tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti ko‘magida amalga oshirilatgan muhim chora-tadbirlarni to‘ldirish va mustahkamlashga yo‘naltiriladi», — deyiladi tashkilot bayonotida.

Tashkilot majburiy mehnat muammolarining ochiq tan olinishi va OAVda yoritilishi, shuningdek huquq himoyachilariga qarshiliklarning kamaygani va ularning monitor yuritishlariga imkon berilishini katta yutuq sifatida qayd etdi. Shu bilan birga, 2018 yilda O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi vaqtida tizimli ravishda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganini tilgan olib o‘tdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi (UGF) monitoringi natijalari davlat tuzilmalari aholini ommaviy ravishda paxta yig‘im-terimi rejani bajarish ishlariga majburiy jalb etganini ko‘rsatdi, deyiladi xabarda.

«Ayrim zaif guruhlar, ayniqsa talabalar hamda sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari xodimlari o‘rtasida majburiy mehnatdan foydalanish sezilarli darajada qisqardi. Davlat muassasalari va boshqa sektorlar xodimlarining majburiylik asosida keng jalb qilish holatlari ko‘zga tashlangani hali ham majburiy mehnatning tizimli omillari amalda ekanini ko‘rsatadi», — dedi UGF direktori Umida Niyozova.

«O‘zbekiston to‘qimachiligiga nisbatan boykot Cotton Campaign tizimli majburiy mehnatga batamom chek qo‘yilib, uning ortga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun tuzilmaviy islohotlar yetarli darajada amalga oshirilgani, monitoring va hisobdorlik uchun fuqarolik jamiyatiga imkoniyat yaratilganiga ishonch hosil qilganiga qadar o‘z kuchida qoladi», — deyiladi press-relizda.

Xabarda qayd etilishicha, Cotton Campaign va boykot e’lon qilgan kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilari 2019 yilgi paxta yig‘im-terimida majburiy mehnatga barham berish borasida diqqatga sazovor siljishlar bo‘lsagina boykotni bekor qilish masalasini qayta ko‘rib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, fevralda XMT O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimiga bolalarni tizimli jalb qilish holatlari bartaraf etilganini e’lon qildi. Noyabrda esa mazkur tashkilot monitoringi paxta hosilida 90 foizdan ortiq terimchilar ko‘ngilli ravishda ishtirok etganini ko‘rsatdi.

Cotton Campaign tarkibidan ishlab chiqaruvchilar (Nike, Zara, GAP, Levi’s, H&M, UNIQLO va boshqalar), riteylerlar va kasaba uyushmalari, huquqni himoya qilish tashkilotlari,Amerika Libos va oyoq kiyimlari uyushmasi, AQSH Moda sanoati uyushmasi, AQSH Mehnat federatsiyasi va Sanoat tashkilotlari kongressi vakillari o‘rin olgan.