Moliya vazirining 18 fevraldagi buyrug‘i bilan Abruyev Jamshid Ismoilovich Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Jamshid Abruyev (1979 yilda tug‘ilgan) 1999 yilda Samarqand qishloq xo‘jaligi institutini, 2004 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini moliya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Tayinlovga qadar Moliya vazirligining Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Shuningdek, moliya vaziri buyrug‘i bilan Hududlar moliyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Davlatov Murodbek Saparbayevich tayinlandi.

Murodbek Davlatov (1978 yilda tug‘ilgan) 1999 yilda Urganch davlat universitetini, 2002 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini va 2006 yilda Bank-moliya akademiyasini bank ishi va moliya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Hozirga qadar Moliya vazirligining Agrosanoat majmua moliyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari — Agrosanoat majmuining qayta ishlash va boshqa tarmoqlari moliyasi va narxlarni tartibga solish bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Moliya vazirining 18 fevraldagi buyrug‘i bilan Sevastopol davlat universiteti (Rossiya) byudjetni rejalashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yunusov Moxir Muratjanovich Moliya vazirligi Ijtimoiy soha va fanni moliyalashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Moxir Yunusov (1981 yilda tug‘ilgan) 2001 yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini bakalavr, 2002 yilda Germaniyaning Bremen universitetini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.