Toshkentning Yashnobod tumanida 12 ta yer usti, Yunusobod tumanida esa 2 ta yer osti metro stansiyasini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda shanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda poytaxt hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov ma’lum qildi.

Yashnobod tumani aholisining yer usti metrosi tarmog‘i qurilishi borasidagi rejalar to‘g‘risida bexabar holatda ekani haqidagi bayonotga izoh berar ekan, u qurilish ishlarining katta qismi sanoat binolari bo‘ylab amalga oshirilayotganini qayd etdi.

“Joriy yilda mazkur yo‘nalishni ishga tushiramiz. Umuman olganda, barcha bino va yer egalari bilan kelishuvga erishganmiz”, — dedi Davron Hidoyatov.

Yer usti metrosining umumiy uzunligi 52,1 kilometrni tashkil etadi. Qurilish ishlarini 2021-yilda yakunlash rejalashtirilgan. Yo‘nalish metroning “Do‘stlik” stansiyasidan boshlanib, Qo‘yliq bozorigacha davom etadi. So‘ngra “Olmazor”, “Beruniy” va “Bodomzor” metro stansiyalarini tutashtiradi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 20-iyulda Yashnobod tumanida yer usti metrosi qurilishi jarayoni bilan tanishar ekan, uning birinchi bosqichini 2019-yil Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.