14 fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Germaniyaning «Detecon International GmbH» kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Q. Yuldashev germaniyalik mehmonlarni qutlar ekan, xorijiy, jumladan, germaniyalik sheriklar bilan O‘zbekistonda zamonaviy IT-texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, ustuvor ahamiyatga molik telekommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda ularning ishtirokini jadallashtirish yuzasidan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi vazifalarga vazirlik tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, «Detecon International GmbH» vakillari kompaniyaning O‘zbekiston tomoni bilan investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish hamda IT va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida strategiya/konsepsiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatishga tayyor ekanini bildirdilar.

Shuningdek, uchrashuv doirasida tomonlar o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

«Detecon International GmbH» kompaniyasi boshqaruv va texnologik konsalting sohasiga ixtisoslashgan. Xalqaro darajada 40 yildan buyon faoliyat yuritadi hamda dunyoning 165 ta mamlakatidagi 1 400 dan ortiq kompaniya va tashkilotlarga o‘z xizmatlarini taqdim etib keladi.