O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda qishki va murakkab texnik sport turlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Bo‘stonlik tumanida 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan havaskor yoshlar o‘rtasida «Chimgan challenge» qishki sport turlari bo‘yicha yoshlar festivali tashkil etildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki kun davom etgan o‘ziga xos sport bayramida Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlaridan 500 nafarga yaqin yoshlar qishki sport turlarining tog‘ chang‘isi, snoubord va qor ustida voleybol yo‘nalishlarida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.

«Chimgan challenge» qishki sport turlari bo‘yicha yoshlar festivalida dastlab tog‘ chang‘isi bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishda festival ishtirokchilari birinchi kungi bahslarda murakkab qorli yo‘llarda 760 metr masofani bosib o‘tishdi.

Ikkinchi kungi bellashuvlar ham muxlisu-mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi. Unda yoshlar qishki sport turlarining eng qiziqarli turi bo‘lgan skeytbord yo‘nalishida o‘zaro bahslashdi. Ishtirokchilarning 550 metr masofadagi har bir chiqishi sport ixlosmandlari tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.

Tog‘ chang‘isi bellashuvlarida qizlar o‘rtasida Sabina Rejebova, yigitlardan esa Arman Gayupov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tgan holda o‘z yosh toifalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Snoubord bo‘yicha 10−14 yoshli bolalar o‘rtasida 1-o‘rinni Oqil Fozilov egalladi.

Voleybolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan bahslarda esa omad Chirchiq-1 jamoasiga nasib etdi. 2-o‘rinni Chirchiqning ikkinchi jamoasi egalladi. 3-o‘ringa Yangiyo‘l tumani voleybolchilari sazovor bo‘lishdi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan ta’sis etilgan kubok, diplom va medallar bilan taqdirlanishdi.