O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarida axloqiy-ruhiy ta’minot ishlarining samaradorligini oshirish maqsadida qo‘shinlarning jangovar shayligi va jangovar qobiliyatini yuksaltirish, mamlakat tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga, halol harbiy xizmatchilarni tarbiyalashga qaratilgan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Axloqiy-ruhiy ta’minot konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qo‘shma qaror imzolandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tegishli vazirlik va idora rahbarlarining soha bo‘yicha o‘rinbosarlari, harbiy okrug qo‘shinlari va unga tenglashtirilgan birlashmalar qo‘mondonlari, mudofaa ishlari boshqarmalari va bo‘limlari boshliqlari, harbiy qism komandirlari va muassasa boshliqlari mazkur qarorda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi bo‘yicha shaxsan javobgar hisoblanadi.

Ushbu Konsepsiya O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa Doktrinasi to‘g‘risida"gi qonuni hamda boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasining harbiy tashkiloti faoliyatining amaldagi qonunchilik va me’yoriy-huquqiy bazasi asosida Qurolli Kuchlarning harbiy harakatlarini axloqiy-ruhiy ta’minlash sohasidagi qarashlar, asosiy tushunchalar, maqsad va vazifalar, qonuniyat va tamoyillar, yo‘nalishlar, shakl hamda usullar tizimini o‘zida aks ettiradi.

Konsepsiyada Markaziy Osiyo mamlakatlarida inqirozli vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ichki siyosiy barqarorlikka tahdidlar, axborot kommunikatsiya makonida O‘zbekiston Respublikasining suverenitetiga, mustaqilligiga, hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilgan hamda aholining tinch hayotiga tahdid soluvchi ehtimoliy mafkuraviy va psixologik harakatlarga qarshi kurashish yo‘llari keltirib o‘tilgan.

Axloqiy-ruhiy ta’minot bu — Qurolli Kuchlar boshqaruv organlari, qo‘mondonlar, shtablar, tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organlari, boshqa boshqaruv organlari va mansabdor shaxslar tomonidan shaxsiy tarkibning har qanday vaziyatlarda qo‘yilgan vazifalarni so‘zsiz bajarilishini ta’minlaydiganyuqori axloqiy-ruhiy holati va boshqa sifatlarini shakllantirish, saqlab turish va tiklash bo‘yicha maqsadlari, vazifalari, joyi, vaqti, ketma-ketligi, jalb qilinadigan kuch va vositalari bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlar majmuidir.