Fuqarolar yashab turgan uylarda demontaj ishlarini olib borish taqiqlangan, dedi Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va uning arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov. Shanba kuni kechqurun poytaxt hokimiyatida shahar va tumanlar ma’muriyatlari rahbariyati hamda jurnalistlar va deputatlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Berilgan savollardan biri Anhon kanali yoqasidagi hali odamlar yashab turgan 78-uyning shoshilinch buzilishi to‘g‘risida bo‘ldi. Hokimiyat uyning buzilishini park hududining kengaytirilishi bilan izohladi. mavkur mavzu so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Ushbu uyda istiqomat qiluvchi fuqarolardan birining «Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, bino buzilishi to‘g‘risida ularga ikki yil muqaddam ma’lum qilingan. Biroq bu vaqt ichida tuman hokimiyati buzilishning aniq muddatini ma’lum qilmagan va odamlarning ko‘chishi uchun sharoitlar yaratmagan.

Binoda har kuni elektr uzib qo‘yiladi, muntazam ravishda suv ta’minotida uzilishlar kuzatiladi. Demontaj vaqtida kvartiralarining devorlarida yoriqlar paydo bo‘lganidan so‘ng ayrimlar favqulodda ko‘chishga majbur bo‘lgan.

Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shahar ma’muriyati nima uchun bu qadar shoshilinch ish olib borilganiga izoh bermadi, faqatgina ichida odamlar bo‘lgan uyni buzish qat’iy taqiqlanganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu noto‘g‘ri. Biz — hokimiyat, bunday vaziyatlarda sizlarga murojaat qilishimiz lozim. Odamlar yashayotgan joyda demontaj ishlari o‘tkazilmaydi», — dedi Davron Hidoyatov.

«Hokimiyat odamlar yashayotganda [uyni buzish] huquqiga ega emas», — deya ta’kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Davron Hidoyatov.

Davron Hidoyatov prezident farmonidan (PF-5495) iqtibos keltirar ekan, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi mumkinligini ta’kidladi.

«Eng katta muammo — investorlar qarorni (hokim qarori — tahr.) olib, kelishadi va: „Tamom, biz uyingizni buzamiz!“ — deydi. Hokim imzolagan har bir qarorda bu (prezident farmonidagi band — ahr.) yozib qo‘yiladi», — dedi u.

Hokimning birinchi o‘rinbosari uylarning buzilishi va aholiga yetkazilgan zararlarni qoplash tartiblarini aytib o‘tdi. «Har qanday holatda ham, bizga investor kelganida, uning birinchi vazifasi — tuman hokimi va mahalla qo‘mitasi raisi bilan odamlarni yig‘ib, mazkur hudud buzilishga tushgani va bu yerda boshqa bino qurilishini e’lon qilish. Har bir uy egasi bilan kvadraturasidan kelib chiqib har bir kvartirani baholashdan o‘tkazish lozim va shundan so‘ng kelishib olasiz. Odamlar ushbu uyda qolishni ma’qul ko‘rsa, bir necha oy ijarada turishga kelishiladi, so‘ngra yangi uydan yangi kvartira ajratiladi. Agar bunga rozi bo‘lmasangiz, investor boshqa tegishli turar joy bilan ta’minlashi lozim. Muddatlar har bir loyiha bo‘yicha alohida kelishiladi», — dedi Davron Hidoyatov.

Agar hokimiyat investor sifatida ishga kirishsa, hokimiyat ham 78-uy bilan sodir bo‘lgan vaziyatda mazkur shartlarga rioya qilishi lozim.

«78-uy bilan bog‘liq holatda ikkita joy taklif qilingan. Birinchisi — Baynalmilal, Yozuvchilar uyushmasining tayyor uyi, ko‘chish mumkin. Ikkinchi joy — Qori Niyoziy ko‘chasida „Darxon“ deb ataladigan, hozirgidan ancha yaxshi joy. Agar ushbu uyga qarasangiz, u shvellerlar bilan o‘rab chiqilgan, bu avariya holatidagi uy. Odamlar u yerda xavf ostida yashayotgan edi. Biz yanada qulay uyga ko‘chishni taklif qilmoqdamiz. Hokimiyat buni ta’minlaydi», — dedi u.

Hokimiyat fuqarolar o‘zlari saylagan deputatlarga ham murojaat qilishlari kerakligini eslatib o‘tdi.

Sharof Rahmonov.

Hokimning investitsiyalar, innovatsiyalar, sanoat, turizmni rivojlantirish va xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sharof Rahmonov uylarni buzish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish faqatgina aholining roziligini olgandan keyin amalga oshirilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Biz tartibsiz ravishda buzish ishlarini olib bormaymiz. Maxsus xizmatlar, bo‘linmalar bor, ular Toshkent bo‘yicha, birinchi navbatda eskirgan fondlarni o‘rganadi. Investor kelsa, unga ushbu uchastkalarni taklif qilamiz», — dedi u.