O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi delegatsiyasi joriy yilning 11−14 fevral kunlari Hindistonning Gujarat shtatida bo‘lib o‘tgan Politsiya akademiyalari xalqaro assotsiatsiyasining sakkizinchi konferensiyasida ishtirok etdi. «Kiberxavfsizlik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish» mavzusiga bag‘ishlangan bu galgi tadbirga Gujarat kriminalistika universiteti mezbonlik qildi.

O‘zbekiston IIV akademiyasi Politsiya akademiyalari xalqaro assotsiatsiyasining a’zosi hisoblanadi. Mazkur konferensiyada O‘zbekiston vakillari bilan bir qatorda Avstraliya, Buyuk Britaniya, Braziliya, Ispaniya, Kambodja, Makedoniya, Myanma, Mongoliya, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Tayvan kabi dunyoning 40 ga yaqin mamlakatlaridan tashrif buyurgan politsiya oliy o‘quv yurtlari delegatsiyalari ishtirok etdilar.

Konferensiya doirasida IIV akademiyasi delegatsiyasi bir qator xorijiy davlatlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, o‘zaro hamkorlik aloqalari istiqbollarini muhokama qildilar.

Jumladan, tadbir davomida O‘zbekiston IIV akademiyasi va Gujarat kriminalistika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ma’lumot uchun, Gujarat kriminalistika universtiteti 2008 yil 30 sentyabrda tashkil etilgan bo‘lib, mazkur sohaga ixtisoslashgan dunyodagi dastlabki universitet hisoblanadi.