Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 13 fevraldagi 119-son qarori bilan 2019−2020 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Urganchda Shovot kanali bo‘yida «Shovot» kichik turizm zonasi (bundan keyin — KTZ), Xivada esa «G‘ovuk ko‘l» KTZ tashkil etiladi. U yerda zamonaviy mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa ob’ektlar quriladi. 2 oy muddatda KTZning aniq chegaralari belgilanadi.

2017 yil 25 oktyabrdagi PQ-3356-son qarorga muvofiq tashkil etilgan Xorazm viloyati EIZ va KSZ ma’muriy kengashi turizm zonalarida investorlar uchun yer ajratilishini ta’minlaydi.

KTZni tashkil etish va rivojlantirish ishi o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun Bosh vazir o‘rinbosari, Xorazm viloyati, Urganch va Xiva hokimlari, qurilish, suv xo‘jaligi, UKX va boshqa vazirlarning o‘rinbosarlari tarkibida respublika ishchi guruhi tasdiqlandi.

Viloyat hokimligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda 2 oy muddatda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan qo‘shimcha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini shakllantirib, tasdiqlash uchun kiritadi.

Hujjatga ilovada 2019−2020 yillarda Xorazm viloyatida turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi taqdim etilgan. Ular jumlasida:

«Ichan-qal’a» majmuasi hududida yashayotgan tub aholini Xiva atrofida barpo etiladigan yangi ko‘p qavatli uylarga bosqichma-bosqich ko‘chirish. Ushbu chora tarixiy majmuaning umumbashariy bemisl ahamiyatini, «tirik muzey-shahar» maqomini saqlab qolish, aholining turmush tarzini yaxshilash, oilalarning o‘ziga xos hunarmandchilik va qadimiy kasb turlari bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratish imkonini beradi;

Urganchda mahalliy (Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Namangandan) hamda Frankfurt, Istanbul, Anqara, Izmir, Volgograd, Dehli, Futszyandan xalqaro aviareyslarni yo‘lga qo‘yish;

Xiva temir yo‘l vokzalidan «Ichan-qal’a» majmuasigacha bo‘lgan ko‘chadagi barpo etilayotgan ob’ektlarda hududning tarixiy-madaniy muhitiga uyg‘un holda har xil ko‘ngilochar maskanlar va savdo shoxobchalarini joylashtirish.