Toshkentda Captiva avtomobili ichida tabiiy gaz to‘ldirilgan havo sharlarining portlashi natijasida kuyish jarohatini olgan uch kishi shifoxonaga yotqizildi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

Yashnobod tumanidagi 6-tug‘ruqxona majmuasi yaqinida sodir bo‘lgan hodisa haqida 15 fevral kuni 00:20 da 102 raqam orqali xabar qilindi.

Hodisa sababini aniqlashda mashina salonida 20 dona gaz to‘ldirilgan shar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. salonda bo‘lgan uch nafar yosh esa sigaret chekkan. Alanga natijasida ularning qo‘l va yuzlari kuygan.

IIBB fuqarolarni havo sharlaridan foydalanishda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Sharlarning aynan geliy bilan to‘ldirilganiga ishonch hosil qilmoq lozim. Boshqa yengil sharlar tezda alanga olib, yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin. Havo sharlari oldida chekish tavsiya etilmaydi.

Qayd etish joizki, Toshkentda yengil gazlar bilan to‘ldirilgan sharlarni sotish keng tarqalgan holat. Ular serqatnov ko‘chalar va odamlar gavjum yerlarda sotiladi.