Internet saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv tasvirlangan video tarqaldi.

Unda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘ngilochar joylardan birida o‘tkazilgan tekshiruvda Milliy gvardiya xodimi binoning karaoke xonasiga kirib, yostiq ostiga pichoq qo‘yib xonadan chiqib ketgani, keyin xonaga boshqa xizmat vakillari bilan kirib tekshiruv o‘tkazilgani va pichoq «fosh» etilgani aks etgan.

Ushbu holat bo‘yicha O‘zA muxbiri Milliy gvardiya matbuot xizmati rahbari Davron Jumanazarov bilan bog‘landi. Uning qayd etishicha, bu holat haqatda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida sodir bo‘lgan. Mazkur voqea bo‘yicha Milliy gvardiya rahbariyati o‘sha vaqtning o‘zidayoq xabardor qilingan.

Matbuot xizmati boshlig‘i ta’kidlashicha, ayni vaqtda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda. Mazkur harbiy xizmatchi F.Sh.ga nisbatan albatta tegishli jazo chorasi ko‘riladi va Milliy gvardiya safidan chetlashtiriladi.

Har qanday salbiy xatti-harakatlar sodir etgan harbiy xizmatchilarga Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan qattiq choralar ko‘riladi. Milliy gvardiya safida yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi uchun fidoiy bo‘lganlar xizmat qiladi.