AQSHning «Valmont Industries, Inc.» kompaniyasi O‘zbekiston qishloq xo‘jalik maydonlarida suv resurslari sarfini «aqlli» texnologiyalar asosida nazorat qiluvchi innovatsion sug‘orish tizimlarini joriy etadi, deya xabar qildi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

10−14 fevral kunlari Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi delegatsiyasi safida AQSHning Missisipi shtatiga tashrif buyurgan Innovatsion rivojlanish va Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari «Valmont Industries, Inc.» kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashdi. Muloqotlarda innovatsion sug‘orish tizimlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar asosida tajribada sinalgan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Birinchi bosqichda fermerlik xo‘jaligining 100 gektarli ekin maydonida pilot loyihasi amalga oshiriladi.

Kompaniya loyihani ishlab chiqish, yomg‘irli sug‘orish tizimini dalaga o‘rnatish, shuningdek fermer xo‘jaligi xodimlarini o‘qitishga tayyorligini bildirdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi tajriba loyihasi qaysi fermer xo‘jaligida o‘tkazilishini belgilab, 100 gektar ekin maydon ajratilishini ta’minlaydi. Innovatsion rivojlanish vazirligi esa loyihaning umumiy va ilmiy-texnikaviy boshqaruvini amalga oshiradi.

Innovatsiya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Valmont Industries muhandislik qurilmalari va irrigatsiya tizimlari sohasida yetakchi korxonalardan biri bo‘lib, irrigatsion sug‘orish texnologiyalari va uskunalarini ishlab chiqish va yetkazib berishga ixtisoslashgan. U o‘z faoliyatini dunyoning 23 davlatida amalga oshirib kelmoqda, kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasining miqdori 3 mlrd dollardan oshiqdir.

Shuningdek, O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Missisipi shtatidagi Innovate Mississippi Innovatsion uyushmasi prezidenti T.Jeff bilan uchrashib, innovatsiyalar, ilm-fan va texnologiyalar sohasidagi tomonlarning ilmiy-tadqiqot birlashmalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Innovate Mississippi Missisipi shtatining iqtisodiyotini innovatsion va texnik rivojlanishini ta’minlovchi notijorat tashkiloti bo‘lib, startap kompaniyalar, ixtirochilar, tadbirkorlarga yordam ko‘rsatadi, ishlab chiqarish, muqobil energiya sohalariga investitsiyalarni kiritish va biznesni rivojlantirish orqali shtat iqtisodiyotining o‘sishiga hissa qo‘shadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazida faoliyat yuritayotgan ilmiy loyihalar uchun C.A.T. Science Accelerator akseleratori bilan hamkorlik qilishga, O‘zbekistondagi startap jamoalarini onlayn rejimida mentorlar bilan ishlashlariga, Innovate Mississippi tomonidan akseleratsiya kurslari va seminarlar o‘tkazilishiga, innovatsion loyihalarni moliyalashtirish uchun investitsiyalarni jalb qilishga kelishildi.