Professional ringda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan o‘zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev AQSHning Kanzas shtatida faoliyatidagi 16-jangda amerikalik Maykl Foks ustidan g‘alaba qozondi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

10 raundga mo‘ljallangan jang to‘liq davom etdi. Bahs Ergashev uchun oson kechgani yo‘q. Shunday bo‘lsada, Shohjahon yakunda ochkolar hisobiga ko‘ra g‘alaba qozondi.

Shu tariqa, 27 yoshli Shohjahon Ergashevning professional boksda o‘tkazgan janglari soni 16 taga yetdi. U janglarning barchasini (14 tasini nokaut evaziga) o‘z foydasiga hal etgan. Foks esa faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. U bungacha 19 marotaba ringga ko‘tarilib (5 ta nokaut), janglarning barchasida g‘alaba qozongandi.