Avval xabar berganimizdek, 15 yanvar kuni Oliy Majlis Senati 100000 (yuz ming) so‘mlik banknot namunasi va dizaynini ma’qullagan edi.

Bugun Markaziy bankning telegramdagi kanali orqali banknotning surati e’lon qilindi.

Banknot markazida Mirzo Ulug‘bek surati tasvirlangan. Shuningdek, ko‘rish qobiliyati sust bo‘lgan insonlar uchun nominal qiymatini shartli bo‘rtma belgisi ham mavjud.

Yirik nominaldagi banknota Markaziy bank tomonidan quyidagi maqsadlarda ko‘ra muomalaga chiqarilmoqda:

aholi uchun naqd pullar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish;

naqd pullarni saqlash va tashish bilan bog‘liq xarajatlarni kamaytirish;

aholiga bankomatlar orqali xizmat ko‘rsatishda samaradorlikni oshirish;

muomaladagi naqd pullar tarkibini optimallashtirish.

100 000 (yuz ming) so‘m qiymatdagi banknotlar joriy pul massasi doirasida chiqariladi hamda uning o‘sishiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Yangi nominaldagi banknotning ko‘rinishi, tasnifi va chiqarilish sanasi Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.