14 fevral kuni O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi bor umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan yevrobondlarni sotuvga qo‘ydi. 500 mln dollar bo‘lgan 5 yillik qog‘ozlarning daromadliligi yiliga 4,75 foizni, 10 yillik yevrobondlar (500 mln dollarlik) — 5,375 foizni tashkil etdi.

Moliya vazirligi matbuot xizmatining London fond birjami hisobotiga tayanib xabar qilishicha, qarz obligatsiyalarini qoplash muddatlari 2024 va 2029 yilning fevral oyiga belgilandi.

Investorlar talabi joylashtirilgan obligatsiyalar hajmiga nisbatan qariyb 4 barobarga ortib, buyurtmalar kitobi yopilishi arafasida taxminan 150 institutsional investordan 3,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu arizalarni yig‘ish jarayonida obligatsiyalar daromadliligini 5,625−5,75 foiz va 6 foizdan mos ravishda yillik 4,75 foiz va 5,375 foizga qadar pasaytirishga xizmat qildi.

5 va 10 yillik yevrobondlarning katta qismini — mos ravishda 39 va 32 foizini Buyuk Britaniya, 23 va 31 foizini Amerika, 32 va 27 foizini Yevropa, 6 va 10 foizini esa Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan bo‘lgan sarmoyadorlar xarid qildi.

75 va 78 foiz yevrobondlarni fondlarni boshqaruvchi kompaniyalar sotib olgan bo‘lsa, sug‘urta kompaniyalari va pensiya jamg‘armalari 20 va 16 foiz obligatsiyalarga sohib chiqdi. Banklar va xususiy banklar 5 va 6 foiz obligatsiyalarga xaridor bo‘ldi.

«Yevrobondlarning debyut joylashtirishi muvaffaqiyati investorlarning O‘zbekiston iqtisodiyotining mustahkam asoslari, islohotlardagi siljishlar va qarzlar boshqaruvi strategiyasiga ishonchida aks etadi», — deyiladi birja xabarida.