Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan O‘zLiDeP fraksiyasi va partiya Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi hamkorligida 2019 yil 14 fevralda tashkil etilgan davra suhbatida huquqni qo‘llash amaliyotida, ayniqsa, fuqarolarning mehnat qilish huquqini ta’minlashda qonun ustuvorligining muhim jihatlariga e’tibor qaratildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan mehnat va mehnat muhofazasi masalalari, bandlik sohasida belgilangan kafolatlarning ta’minlanishi, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanmaslik, mehnatga ma’muriy tarzda majburlashni ta’qiqlash hamda ish beruvchining fuqarolik javobgarligini sug‘urtasi kabi masalalarni tartibga solishni yanada takomillashtirishga qaratilgan «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi keng muhokama qilindi.

Davra suhbatida deputatlar, qo‘mita a’zolari, ekspertlar, Toshkent shahridan bir guruh mahalliy kengash deputatlari, O‘zLiDeP partiyasi faollari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, ish beruvchilar, kasaba uyushmalari xodimlari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Mazkur qonun loyihasi ham aynan ushbu hujjatlarda belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Tadbirda qayd etilganidek, 2017 yil va 2018 yilning birinchi yarim yilligida sudlar tomonidan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun 431 nafar shaxsga nisbatan 354 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Ish beruvchilar tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish sohasida 37 mingdan ziyod huquqbuzarliklar sodir etilgan, 405 ta holatda kvota ish o‘rinlari yaratilmagan, 3300 ta vakant ish o‘rinlari yashirilgan, ish beruvchilarning 355 tasi fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilmagan.

Davra suhbatida qo‘mitaning joylardagi o‘rganishlari va fuqarolar bilan bo‘lgan muloqotlarida ish beruvchi tomonidan ishga qabul qilish tartibini buzish, ish o‘rinlarining majburiy attestatsiyasini o‘tkazishni rad etish, mehnat muhofazasi talablarini bajarmaslik holatlari ham uchrayotgani ta’kidlandi.

Qonun loyihasida fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlarini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik va g‘ayriqonuniy ravishda ishdan bo‘shatganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan. Shuningdek, ish beruvchining o‘z fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha majburiyatini bajarmaslik, aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, mehnatga ma’muriy tarzda majburlash kabi holatlarda ma’muriy javobgarlik kuchaytirilib jarima miqdorini oshirish belgilangan.

Davra suhbatida fuqarolarning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlagan holatda javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Qo‘mita a’zolarining ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning mehnat huquqlarini, aholi bandligi va mehnat muhofazasi sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika choralarini kuchaytirishni hamda bu sohadagi huquqbuzarliklarni toifalashda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash imkonini beradi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchilarning fikr-mulohazalaridan kelib chiqqan holda, mazkur qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan tegishli takliflar ishlab chiqildi.