Markaziy bank 2019 yilda narxlar darajasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan nomonetar omillarni (pul-kredit siyosati vositalari yordamida ta’sir ko‘rsatish mumkin bo‘lmagan omillar — tahr.) sanab o‘tdi.

2018 yilning to‘rtinchi choradagina pul-kredit siyosati sharhida qayd etilishicha, O‘zbekistonda inflyatsiya darajasiga to‘rtta omil ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Eng avvalo iqtisodiy islohotlarni kuchaytirish investitsiya jarayonlarini kuchaytirishga olib keladi. Bu esa mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan talabni oshirib, mos ravishda narxlarga bosim o‘tkazadi.

Investitsiyalarning jalb qilinishi import mahsulotlariga talabni, bu esa, o‘z navbatida chet el valyutasiga talabni oshiradi. Valyuta kursiga nisbatan bosim esa import narxlarning oshishini keltirib chiqarishi mumkin.

Inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi yana bir nometar omil — tartibga solinadigan narxlarning liberallashuvi. Energiya resurslari narxlarini ularni ishlab chiqarish rentabelligi darajasigacha olib chiqish mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari tannarxi va xarajatlarining oshishiga olib keladi. Bu esa narxlarga bosim o‘tkazmasdan qolmaydi.

Uchinchi omil sifatida ob-havo va iqlim sharoitlari keltirib o‘tildi. Ob-havo va iqlim sharoitlarining asosiy iste’mol mahsulotlari narxlari bilan yuqori korrelyatsiyasi, suv resurslari va unumdor yerlarning cheklanganligi, ma’lumotlarning yuqori nosimmetrikligi oziq-ovqat tovarlari narxlariga mavsumiy bosim o‘tkazadi.

So‘nggi omil — soliq islohoti. Norasmiy aylanmani qisqartirish va soliq yukini odilona taqsimlanishi maqsadida soliqqa tortishdagi o‘zgarishlar norasmiy aylanmaga ega bo‘lgan kichik biznes uchun soliq yukining oshishi hamda aylanmani yashirish orqali soliqlardan qochish holatlarini keltirib chiqaradi. Aylanmani yashirish, o‘z navbatida naqd va naqdsiz hisob-kitoblar o‘rtasidagi tafovutga, tafovut esa naqdsiz hisob-kitoblarda narxlarga bosimni keltirib chiqarsa, naqd xorijiy valyutaga talabning oshishi valyuta kursiga va oxir-oqibat import mahsulotlari narxiga ta’sir ko‘rsatadi.