O‘zbekiston prezidentining qaroriga muvofiq Toshkentda xalqaro standartlarga mos kampus quriladi. Kampus hududida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti joylashadi. Bu haqda harbiy institut boshlig‘i Hakim Muhiddinov «Vatanparvar» gazetasiga bergan intervyusida ma’lumot berdi.

Kampus bu — xalqaro tilda ilmiy shaharcha degani. Bu shaharchada ilmiy-tadqiqot o‘tkazish, nazariyani o‘rganish, tajriba-amaliyot o‘tash hamda yashash uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Mazkur ilmiy shaharchada aloqa sohasiga oid harbiy qism barpo etiladi va harbiy qismga qo‘shinlarda qo‘llanilayotgan barcha turdagi aloqa va axborot kommunikatsiya tenologiyalariga oid texnika va uskunalar joylashtiriladi.

Harbiy qism yangi harbiy institut yonida joylashgani sabab, kursantlar bugungi o‘tgan mavzusini yoki o‘rgangan uskunasini ertasiga amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashkil etilgandi.

Mazkur harbiy institut nafaqat Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, balki 20 dan ortiq ta’lim muassasalari, jumladan, respublikadagi xorijiy hamkor universitetlar, masalan Toshkent Inha va Turin universitetining 3-bosqichini tugatgan, o‘qish yakunlari bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan, sog‘ligining holatiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan talabalar tanlov asosida qabul qilinadi.

Harbiy institutni tamomlagan kursantlarga «leytenant» harbiy unvoni beriladi.