AQSHning Missisipi shtati gubernatori aprelning birinchi yarmida O‘zbekistonga tashrif buyuradi. U davlatlar o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgandan keyin O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi ilk Amerika gubernatori bo‘ladi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 11 fevral kuni Missisipi shtati poytaxti Jekson shahriga borib, shu kunning o‘zida gubernator bilan uchrashdi.

Fil Brayant O‘zbekiston va Missisipi shtati o‘rtasida ko‘plab o‘xshashliklar mavjudligini, jumladan har ikkisining ham qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik-paxta sanoati rivojlangani, qulay geografik joylashuvi va mehnatsevar xalqlari borligini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar Amerika delegatsiyasi tarkibiga O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga qiziqish bildirgan Missisipi shtatining qishloq xo‘jaligi, sanoat, neft-gaz va mashinasozlik sohalaridagi yetakchi kompaniyalari vakillari kirishini shartlashdi.

TIV matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Missisipi qishloq xo‘jaligi sohasida AQSHda yetaki o‘rinlarni egallaydi, ushbu shtatda 36 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatadi. 2018 yil yakunlariga ko‘ra, hududning yalpi milliy mahsuloti hajmi 113 mlrd dollarni tashkil etdi.