O‘zbekistonlik professional bokschi Shohjahon Ergashev bugun (Toshkent vaqti vaqt bilan ertaga tongda) navbatdagi jangini o‘tkazadi. Bu haqda olamsport.com xabar berdi.

Ayni paytda Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) reytingida beshinchi o‘rinni egallab turgan Shohjahon AQSHning Kanzas shtati Malveyn shahridagi Kansas Star Arena majmuasida amerikalik Maykl Foksga qarshi ringga ko‘tariladi.

Bugun bokschilar an’anaga ko‘ra tarozidan o‘tish marosimida ishtirok etishdi. Ergashev 63,5 kg tosh bosdi. Shohjahondan bo‘yi sezilarli darajada baland bo‘lgan Foks ham deyarli shuncha vaznga ega ekanligi oydinlashdi.

Eslatib o‘tamiz, ikkala bokschi ham faoliyatlarida hali mag‘lubiyat alamini totib ko‘rmagan. Hatto durang ham yo‘q. Foks 19 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan. Ergashev va Foks o‘rtasidagi jang ertaga soat 06:00dan boshlab «Sport» telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etiladi.