O‘zbekistonda 2019−2021 yillarda aholiga endokrinologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha milliy dasturni qabul qilish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Sohadagi asosiy muammolar qatorida qandli diabet kasalligi, ayniqsa uning og‘ir shakllariga chalingan bemorlar sonining ortayotgani, diabetdan oldingi holat barvaqt diagnostika qilinmasligi, hududiy tibbiyot muassasalarida endokrinologiya bo‘yicha malakali mutaxassislarning yetishmasligi sanab o‘tilgan.

Hujjat bilan qandli diabet profilaktikasini tubdan yaxshilash va aholini ogohlantiruvchi tadbirlar bilan qamrab olish rejalashtirilmoqda. Jumladan, quyidagi tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda:

  • Qandli diabetga chalinish xavfi ostidagi 45 yoshdan oshgan shaxslar hamda 24−28 haftalik homilador ayollar o‘rtasida qandli diabet skriningini o‘tkazish;
  • qandli diabetga chalingan bemorlarning onlayn-ro‘yxatini shakllantirish;
  • hududiy endrokrinologik dispanserlarni, jumladan glikirlangan gemoglabin va qalqonsimon bez gormonlarini aniqlash uchun zarur reaktivlar bilan uzluksiz ta’minlash yo‘li bilan endokrinologik kasalliklarni diagnostika qilish usullarini joriy etish.
  • Hujjatda 1-tip qandli diabet xastaligiga chalingan bolalar va o‘smirlarni insulin (insulinli shprits-ruchka) va o‘zini-o‘zi nazorat qilish vositalari bilan ta’minlash taklif etilmoqda.

Bolalar, o‘smirlar, emizikli va homilador ayollarni yod saqlovchi dori vositalari bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Loyiha muhokamasi 1 martda yakuniga yetadi.