Prezident Shavkat Mirziyoyev «Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 iyundan:

davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy va yuridik shaxslar istalgan joydagi Davlat xizmatlari markazlaridan (propiska va pochta manzilidan qa’tiy nazar) murojaat qilishga haqli;

davlat xizmatlarini olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat etganda, davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar Markazlar orqali yoki bevosita xizmat ko‘rsatuvchi organlarga murojaat etganda to‘lanadigan summadan 90 foiz miqdorida to‘lanadi.

2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma’lumotnomalar talab qilinishi taqiqlanadi.

2019 yil 1 apreldan quyidagi hujjatlarni olish bo‘yicha talablar bekor qilinadi:

Eksport kontrakt ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma;

Mol so‘yishni amalga oshirish huquqini beruvchi ruxsat guvohnomasi;

Yer qa’ri uchastkasidan foydalanishda buzilgan yerlar qayta tiklanganligini haqida xulosa;

Voyaga yetmaganlarga mo‘ljallangan dori vositalari reklama qilishga ruxsatnoma:

Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar bilan chakana savdo qiladigan tadbirkorlik sub’ektlarining savdo ob’ektlari joylashuvi;

Yerlarning barcha toifalarida geologik-suratga olish, qidirish, geodeziya va boshqa turdagi qidiruv ishlarini olib borishga ruxsatnoma.