13 fevral kuni Almati shahrida Markaziy Osiyo basketbol assotsiatsiyasi (CABA)ning navbatdagi Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda Xalqaro basketbol federatsiyalar assotsiatsiyasi (FIBA)ning Osiyo mintaqasi bo‘yicha Bosh kotibi Agop Xadjiryan hamda Konfederatsiyaga a’zo mamlakat vakillari ishtirok etishdi. Mazkur yig‘ilishda, tashkilotning shtab-kvartirasi Toshkent shahriga ko‘chirildi.

Shuningdek, Konferensiya davomida bir yo‘la ikki nafar o‘zbekistonlik mutaxassis CABAning Markaziy Kengash tarkibiga kirdi. O‘zbekiston basketbol federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Xurshid G‘iyosov CABAda g‘aznachilik bo‘limini boshqaradigan bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston basketbol federatsiyasi Bosh kotibi Ravshan G‘aniyev mintaqaviy Konfederatsiyada ham Bosh kotib sifatida ish yuritadi.

Ma’lumot uchun, mazkur Konfederatsiya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston baksetbol federatsiyalaridan tashkil topgan. Bungacha tashkilot qarorgohi Qozog‘istonning Almati shahrida joylashgan edi.