Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan yanvar oyida o‘tkazilgan profilaktik tadbirlarda jami 254 mln 300 ming so‘mlik aksiz markasi mavjud bo‘lmagan alkogol va tamaki mahsulotlari savdoga qo‘yilganligi aniqlanib, qonuniy chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Bu haqda poytax DSB matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Jumladan, Yashnobod tumani Sodiq Azimov ko‘chasidagi bekatda joylashgan savdo do‘konida o‘tkazilgan profilaktik tadbir jarayonida aksiz markasi mavjud bo‘lmagan, xorijda ishlab chiqarilgan jami 11 turdagi 2 mln 99 ming so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.

Shuningdek, Yakkasaroy tumani Kichik Beshyog‘och ko‘chasi 132a-uyda joylashgan savdo do‘konida xorijda ishlab chiqarilgan 97 turdagi, umumiy qiymati 124 mln 624 ming so‘mlik aksiz markasiz alkogol va 19 turdagi 5 mln 526 ming so‘mlik tamaki mahsulotlari noqonuniy ravishda savdoga qo‘yilganligi aniqlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan «Soliq xizmati — insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori» degan maqsadli vazifani so‘zsiz bajarish yuzasidan o‘tkazilayotgan bu kabi profilaktik tadbirlar davom ettiriladi, deyiladi xabarda.