O‘zbekiston 14 fevral kuni 500 mln dollar miqdoridagi besh yillik yevrobondlar va 10 yillik 500 mln dollarlik yevrobondlarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Dastavval kuponlar diapazoni 5,625−5,75 foiz va 6 foiz etib belgilandi. Biroq talab yuqori bo‘lgani sababli yevroobligatsiyalar foiz stavkalari Toshkent vaqti bilan 22:30 da 4,75 va 5,375 foizgacha pasaytirildi.

London fond birjasi buyurtmalar kitobi chorshanba kuni ochildi va u bir kun davom etadi. Savdolar ochilganidan so‘ng Toshkent vaqti bilan 19:15 da buyurtmalar hajmi 8,5 mlrd dollardan oshib ketdi, bunda O‘zbekiston 1 mlrd dollardan ziyod bo‘lmagan miqdorda yevrobondlarni joylashtiradi. Kitob va joylashtirish jarayonining payshanba kuni 13:00 da yopilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston nomidan yevrobondlar JP Morgan Chase, Citibank va «Gazprombank» tomonidan joylashtirilmoqda.

Reuters agentligining Aberdeen Standard Investments kompaniyasi investitsiyalar bo‘yicha direktori Kevina Deyliga asoslanib xabar qilishicha, O‘zbekiston davlat qarzlari miqdorini YAIMga nisbatan 20 dan 30 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat vakillari 1 mlrd dollarlik yevroobligatsiyalar joylashtirilganidan so‘ng bozorga yana qaytish va muntazam ravishda obligatsiyalarni joylashtirish haqida ma’lum qilgan.

O‘zbekiston hukumati bilan bir qatorda, mamlakatdagi ikkita bank ham xalqaro qarz bozoriga chiqishni rejalashtirmoqda. Ehtimoliy nomzodlar safida «Sanoatqurilishbank», «Asaka», «Ipoteka» va Milliy bank bor. «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi ham qarz bozoriga chiqishni mo‘ljallamoqda.

Fond menejerlari besh va o‘n yillik obligatsiyalar daromadliligi mos ravishda 5 va 6 foiz bo‘lishini taxmin qilmoqda.

«Biz [O‘zbekistonni] Ozarbayjon bilan taqqoslamoqdamiz, biroq O‘zbekiston shaffoflik yo‘qligi sababli ko‘proq to‘lashiga to‘g‘ri kelmoqda», — deya qo‘shimcha qildi fond menejeri. Ozarbayjonning 2024 yilda qoplanishi lozim bo‘lgan obligatsiyalari foiz stavkalari 4,3 foizni tashkil etmoqda.